2025-10-23
“Lola Animation” — O‘zbekistonda multiplikatsiya sohasini rivojlantirish uchun tinmasdan mehnat qilayotgan start-u kompaniyalardan hisoblanadi. Studiya 2021-yilda Najot Ta’lim - zamonaviy kasblar markazi tomonidan Temurdek Adhamov boshchiligida asos solingan.
Lola Animation 2024-yilning oktyabr oyida multfilmlari premyerasini 2000 kishilik zalda o‘zbek xalqiga taqdim etgan birinchi animatsion kompaniya sifatida mashhurlikka erishdi.
Lola Animationda bugungi kunda 30 dan ortiq xodimlar faoliyat olib borishadi. Lola Animation tarixiga kelsak, eng qiyin bosqichlar jamoa shakllantirishda bo‘lganini ko‘rish mumkin.
2021-yilda multiplikatsiya sohasini rivojlantirish uchun bel bog‘lagan bu kompaniya animatsiya bo‘yicha mutaxassislar yetishmovchiligini anglagan. Shundan so‘ng, xuddi shu yili Najot Ta’lim markazi multfilm granti e’lon qildi. Unda 500 ga yaqin yoshlar multfilm uchun ssenariy yozishdi, ikkinchi bosqich - suhbat orqali esa ulardan atigi 20 tasi tanlab olindi. O‘quvchilar bir yil davomida animatsiya sohasi bo‘yicha o‘qitildi, so‘ng kompaniyada rasman ish boshladilar.
Lola Animation jamoasi 2021-yil ish boshlagach, bir yil davomida faqatgina bitta loyiha: “Baxt ulashing” qisqa metrajli 3D animatsion multfilmini tayyorlashdi. Eng qizig‘i, shuncha tayyorlangan mehnat bitgach, loyiha butunlay o’chirib yuborildi. Sababi - endi jamoa mukammalroq va sifatliroq variantini ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini bilishardi, shunday qilib, “Baxt ulashing” multfilmi qayta animatsiya qilindi.
Lola Animation premyerasi 2024-yilda bo’lgan bo’lsa, 3 yil davomida 3 ta loyiha tayyorlandi. Bular: “Baxt Ulashing” , “Lulu Nana” ko‘p qismli animatsion filmi va yana bir qisqa metrajli bolalar uchun filmi ommaga yetkazildi.
Baxt ulashing multfilmi festivallar uchun taqdim etilgan bo’lib, bolalarga kapitalizmni tushuntirishga harakat qiladi. Hozirda ushbu animatsion film ochiq ommaga taqdim etilmagan.
Ikkinchi va eng mashhur loyiha bu “Lulu Nana” ko’p qismli multfilmi hisoblanadi. Hozirgacha “Lulu Nana”ning 10 dan ortiq qismlari YouTube’da tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan. Bundan tashqari ushbu film metro va avtobuslarda, “Kinopoisk” va “iTV” kabi platformalarda taqdim etilgan.
Lola Animation shu kunlarda “Qahramonlar” nomli to’liq metrajli film ustida ishlamoqda va uning premyerasi shu yilning dekabr oylariga rejalashtirilgan.
Lola Animation kompaniyasi yaratilishining asosiy triggeri - o’zbek bolalari xulqiga, fitfitratigayon yetkazmaydigan, ularga qadriyatlarimizga yod bo‘lgan g‘oyalar o‘rgatmaydigan, lekin sifat jihatdan Disney va Pixar darajasidan qolishmaydigan multfilmlar taqdim qilish edi.
Va kompaniya bu maqsadiga qaysidir ma’noda erishmoqda deb aytsak xato bo‘lmasa kerak.
Lola Animation ijrochi direktori Azimjon Rahimjonov aytganidek: multfilm kimniki bo’lsa - bola o‘shaniki. Qachonki o‘zbek segmentida yetarli va sifatli kontent tayyorlashga bel bog‘lagan yoshlar ko‘payar ekan, yurtimiz kelajagi bo‘lgan bolalarimizni o‘zimiz istagandek, sof va go‘zal xulqlar ila tarbiya eta olamiz.



